Xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida aholi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish – botulizm kasalligi uchrab turadi.
Buning sababi oddiy – uy sharoitida konserva mahsulotlarini tayyorlashda zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlariga to‘la rioya qilinmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va o‘zidan zaharli toksinlar chiqaradi.
Botulizm sporalari bilan zararlangan konserva mahsulotlarini tashqi ko‘rinishi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda shisha idishning tunuka qopqog‘i shishadi. Bunday mahsulotni iste’mol qilib zaharlangan odamda uning belgilari paydo bo‘lishi jarayoni ikki soatdan sakkiz-o‘n kungacha cho‘ziladi. Bemorda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq paydo bo‘lishi, jismlar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), yutish va gapirish qobiliyatining pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kabi kasallikning klinik belgilari kuzatiladi. Xasta kishini uy sharoitida har kim o‘z bilganicha davolashi qat’iyan man etiladi.
Bunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda kasallikning og‘ir shakllari – yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi, buning natijasida bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Har qanday kasalliklar kabi botulizmning oldini olish ham insonning o‘z qo‘lida. Uy sharoitida bodring, pomidor, pattison (“sabzavotli likopcha”) marinadlari, baqlajon ikrasi kabi konserva mahsulotlarini tayyorlanishini tavsiya etmaymiz. Bunday sharoitda tayyorlangan konserva mahsulotlarining sifatiga hech kim kafolat bera olmaydi. Chunki, konserva mahsulotlari tayyorlashdagi zarur texnologik jarayonlar, ya’ni konserva zavodlaridagi kabi yuqori bosim ostida 120-125 S haroratda o‘tkaziladigan sterilizatsiya jarayonini uy sharoitida bajarib bo‘lmaydi.
Aynan shunday sifat sertifikati, yorliqlariga ega bo‘lmagan, bir so‘z bilan aytganda iste’mol uchun yaroqsiz hisoblangan konserva mahsulotlari bozorlarda, ko‘cha-ko‘ylarda va belgilanmagan noqonuniy savdo rastalarida sotilayotgan bo‘lsa, iste’molchi sifatida bunday mahsulotlarni xarid qilmaslik kerak.
Xonadon sharoitida olcha, olxo‘ri, uzum, shaftoli, o‘rik kabi mevalardan murabbolar, bodring, pomidor, karam kabi sabzavotlardan sirli idishlarda tuzlamalar, mevalardan qoqilar tayyorlansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari tegishli hukumat va jamoat tuzilmalari vakillari bilan hamkorlikda bozorlarda, savdo majmualarida, belgilanmagan joylarda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari sotilishining oldini olish va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida muntazam reydlar o‘tkazib kelmoqda. Ta’lim-tarbiya muassasalarida va jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shaxobchalarida sanitariya-gigiena qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash doimiy e’tiborda. O‘z navbatida ishlab chiqaruvchilarimiz ham xalqimiz dasturxoniga xilma-xil mahsulotlar yetkazib berish maqsadida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Ulug‘bek XASANOV,
Bulung‘ur tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi bo‘limi epidemiolog shifokori.