1966 yil 18 fevralda tumanimizning Paxtaboshi qishlog‘ida, oddiy ishchi oilasida tug‘ilib voyaga yetgan Zayniddin Karimqul o‘g‘li Eshquvvatov dastlab boshlang‘ich ta’limni qishloqdagi 17-to‘liqsiz o‘rta maktabda olib, 1983 yilda 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabini a’lo baholarga bitirib, hujjatlarini Toshkent Davlat universiteti amaliy matematika va mexanika fakultetining “Hisoblash matematika” bo‘limiga topshirdi. Matematikaga ixlos qo‘ygan Zayniddin universitetni muvaffaqiyatli bitirib, dastlabki ish faoliyatini O‘zFA qoshidagi Matematika institutida stajor-tadqiqotchi sifatida boshladi. Shu institut aspiranturasida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishladi. Keyinchalik u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat yuritdi.
2020 yildan buyon Malayziyaning Putra universitetida, Malayziya Fan va Islom universitetida, ayni paytda esa Malayziya Terenganu universiteti Amaliy matematika kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.Shu bilan bargalikda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMU mustaqil tadqiqotchisi, “Hisoblash matematikasi va axborot tizimlari” kafedrasida doktorant vazifasida ishlab kelmoqda.
Zayniddin Eshquvvatov turmush o‘rtog‘i, uy bekasi Gulshoda bilan bir qiz va ikki o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Farzandlarining hammasi oliy ma’lumotli mutaxassis sifatida turli sohalarda mehnat qilishmoqda.
– Matematik bo‘lishimga avvalombor rahmatli otam Karimqul Eshquvvatov, rahmatli akam Abduqahhor Eshquvvatov va kichik akam Abdusattor Karimqulov hamda ukam Asliddin Eshquvvatovlar sababchi bo‘lishdi, - deydi Zayniddin Eshquvvatov.- Oilamiz asosan matematiklar oilasi bo‘lgan. Shu sababli mening hayot yo‘limdagi yana bir muvaffaqiyatim - Jahon Iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ishlagan davrlarimda ustozlarim rahbarligida matematika fanlari nomzodi bo‘ldim. 18 yildan buyon Malayziya universetida matematika fanidan ingliz tilian dars berib kelmoqdaman.
– Ukamiz Zaynidinning fandagi bu ulkan yutug‘i bilan faxrlanamiz,- deydi,- ta’lim sohasining bilimdoni, tuman faxriylar uyushmasi raisi Abdusattor Karimqulov. – Ukamizning fandagi bu ulkan yutug‘idan qishlog‘imiz aholisi, 17 va 3- o‘rta ta’lim maktablarining ustoz-o‘qituvchilari, o‘quvchilari ham behad mamnun bo‘lishdi.
Yurtdoshimiz Zayniddin Karimqul o‘g‘li Eshquvvatov 2022 yil 26 noyabrda doktorlik dissertatsiyasini Malayzidan turib onlayin tarzda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli himoya qildi va Fizika –Matematika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Yurtdoshimizni fandagi ulkan yutug‘i bilan qizg‘in tabriklaymiz. Kelgusida Fan sohasidagi ishlariga omadlar yor bo‘lsin.
Rabbim HOTAMOV.