Bosh qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi borasida bir necha oylar davomida fuqarolardan barcha sohalar bo‘yicha minglab takliflar, fikrlar bildirildi. Shu asosda endilikda Konstitutsiyaning ko‘plab moddalariga qo‘shimcha va o‘ztartirishlar kiritilayotganligi barchamizni kutilayotgan referendumda faol bo‘lishga undamoqda.
O‘zgartirishlarning bir qismi sohamga tegishli bo‘lganligi bois Konstitutsiyaning 25 va 26-moddalariga qo‘shilayotgan sud-huquq tizimiga oid normalar bizni quvontirmoqda.
25-moddaga:
- Ushlab turishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sud qaror qabul qilmagunicha 48 soatdan ko‘p muddatga ushlab turilishi mumkin emas. Agar ushlab turish yoki ozodlikni boshqacha tarzda cheklash to‘g‘risidagi qaror belgilangan muddatda sud tomonidan qabul qilinmasa, shaxs darhol ozod qilinishi kerak.
-Shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerak.
-Hech kim shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaganligiga asoslanib jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
-Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqacha shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
26-moddaga:
- Aybdorlikka oid barcha suhbatlar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan suhbatlar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.
- Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istagan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
- Hech bir shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.
- Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabatda bo‘linishi va ularning shaxsiy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak.
- Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi kerak.
Yuqori darajada o‘tkazilishi kutilayotgan Referendumda barcha yurtdoshlarim qatori men ham oila a’zolarim, qarindoshlarim, yaqinlarim bilan faol ishtirok etaman. Konstitutsiya – meniki, bizniki, hammamizniki!
Shunday ekan sizlarni ham ushbu siyosiy jarayonda faol bo‘lishga chaqiraman!
Jamshid FAYZULLAYEV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining raisi.