- Maqsadimiz yo'l-transport harakati xavfsizligini ta'minlash, - deydi Bulung'ur tuman markazidan o'tgan Samarqand - Toshkent katta avtomagistralidagi tegishli uchastkada yo'l xavfsizligini nazorat qiluvchi viloyat IIB YHXB inspektori, kichik serjant Muhiddin Fahriddinov. - Afsuski, ayrim shoshqaloq, tartibsiz, yo'l harakati qoidasini yaxshi bilmaydigan haydovchilarimiz nuqul jarimaga tushmoqda.

- Biz xizmat qilayotgan avtomagistralga tegishli uchastkadan minglab avtomobillar kecha-yu kunduz tinimsiz qatnab turibdi, - deydi safdor Otaulla Xidirov. - Dastlab to'xtatilgan avtomashina haydovchisining hujjatlari va texnik holati bilan tanishamiz. Hujjatlari talab darajasida bo'lsa unga albatta, oq yo'l tilaymiz.
Afsuski, ko'p tushuntirishlar olib borilishiga qaramasdan, qoidabuzarliklar hamon ko'zga tashlanib turibdi. Ayniqsa, temir yo'l (pereezd)dan o'tishdagi tiqilinch, qoidabuzarlik asabbuzarlikni keltirib chiqarmoqda. Bu borada "Damas" haydovchilari birinchi o'rinda borishmoqda. Ular o'ngmi, chapmi deb qarab o'tirmay, to'g'ri kelgan joydan yo'l qoidasini qo'pol ravishda buzib o'tib ketishmoqda. Eng xavflisi, bunga boshqa turdagi avtomobil haydovchilari ham ergashib borishmoqda. Bunday qo'polliklarning oldini olish maqsadida temir yo'l (pereezd)ga videokameralar o'rnatiladigan bo'ldi.
Bu kabi ehtiyot choralari kelgusida noxush holatlarning oldini olishni ta'minlaydi, albatta.
Xavfsiz harakat esa inson hayotini muhofaza qiladi va iqtisodiy zararlarga chek qo'yadi.
Rabbim HOTAMOV.