Agar adashmasam bundan 10 yillar oldin viloyat "Zarafshon" gazetasida shunday rukndagi tanqidiy materiallar berib borilar edi. Unda turmushimizda, kundalik hayotimizda uchrab turadigan noxush holatlar tanqid qilinib, kamchilik va muammolar kim tomonidan bajarilishi kerakligi aytilardi. Bugungi kunda tumanimizda ham shahrimiz husniga dog' bo'lib tushayotgan ajabtovur manzaralar dilni xira qilmoqda. Bu salbiy holatlarni ko'rib, "kim qiladi-ya, shuginani-ya" deb yuborging keladi.
BIRINCI MANZARA
Shahrimiz markaziy ko'chalar keyingi yillarda tuman hokimi sa'y-harakati bilan ta'mirlanib, yorug', keng, obod ko'chalarga aylandi. Shaharga kelib ketuvchilar uchun qulayliklar yaratildi. Negaki, bu ko'chalardan shahrimiz mehmonlari, ziyoratchilar, qolaversa tuman bozoriga kirib chiquvchilar bemalol yuradilar.

Lekin afsuski, bugun bu ko'chalardagi noxush manzarani ko'rib kulishingni ham, kuyishingni ham bilmaysan kishi. Betartib qo'yilayotgan mashinalar orasidan aholining o'tishi ham amrimahol bo'lib qolgan. Yo'l chetiga qo'yilayotgan mashinalar kimga, qaysi tashkilotlarga qarashli? Yo'lovchi tashish uchun navbat kutib turgan bu yengil avtomobil yoki "taksi"larning mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbarlari nega alohida qurilgan avtoshohbekatga mashinalarni joylashtirmayapti. Yangi qurilgan avtoturargohda avtomobillar, yo'lovchilar hamda avtomobil haydovchilar uchun barcha sharoitlar hamda imtiyozlar yaratilgan bo'lishiga qaramasdan, hanuzgacha ayrim yo'nalishlar bo'yicha qatnovchi avtomobil haydovchilari, garchi yo'l harakat qoidalarini buzib bo'lsada, bozor atroflaridagi yo'l chetlaridan yo'lovchilarni yig'ib olib qatnashni afzal bilishmoqda. Yo'l harakati qoidalariga amal qilmayotgan yo'lovchi tashuvchi avtomobil egalarini tartibga solish vaqti kelmadimikin? Umuman, yo'lning egasi bormi? Ular qayoqqa qarashyapti? Yo'llardagi bunday noxush holatlar aholining haqli e'tiroziga sabab bo'lmoqda. Bu yo'llardagi tartibsizliklar qachon joyiga tushadi? "Kim qiladi-ya, shuginani-ya"...
IKKINCHI MANZARA
Yuqorida qayd etilgan manzara - bu yo'lning asosiy qismi. Shu yo'lning chetidagi yo'lakdan ham yurishning imkoni qolmayapti. Yo'l chetidan to tuman markaziy bozorigacha bo'lgan masofani xalq tilida aytadigan bo'lsak "optomchilar" yoki "soxta dehqonlar" egallashgan. Ya'ni ular ertalab "optom" olib, o'zlaricha narx qo'yib, kechgacha yo'lto'sarlik qilishmoqda.
Eng achinarli tomoni, ular sotayotgan qishloq xo'jalik mahsulotlari umuman sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Ko'chadan o'tayotgan oxiri yo'q mashinalar shinalaridan chiqayotgan chang mahsulotlarga yopishmoqda. Bu esa o'z o'rnida qanchadan qancha mikrob va viruslarni keltirib chiqarmoqda. Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo'limi, tuman "Dehqon bozori" yoki davlat avtomobil nazorati mas'ullari bunday noxush holatni tartibga solish bo'yicha hech qanday amaliy ish qilmayapti.

UCHINCHI MANZARA
Shu yerda yana bir salbiy manzaraning guvohi bo'ldik. Bu yil tumanimiz faxri, buyuk baxshi bobomiz Fozil Yo'ldosh o'g'lining 150 yilligini keng nishonladik. Shu maqsadda Fozil Yo'ldosh o'g'lining salobatli haykali qad ko'tardi, atrofi obodonlashtirildi, maydoni ko'kalamlashtirildi. Milliardlab mablag' sarflandi. Endi shu mehnatimizni asrab avaylashimiz, tashrif buyurayotgan mehmonlarga ko'rsatib faxrlanishimiz kerak emasmi?

Ming afsuski, bugungi kunga kelib tumanimiz ko'rkiga ko'rk qo'shib turgan bu ziyoratgohlarga ayrim fuqarolar nopisandlarcha munosabatda bo'lishmoqda. Maydonga yaqinlashgan sayin turli xil xunuk manzaralarning guvohi bo'lasiz. Maydon atrofida "tirikchilik" qilishayotgan savdogarlarning turli xil matohlarini beton panjaralar atroflariga yoyib qo'yishganlariga ko'zingiz tushadi. "Motamsaro ona" haykali atrofiga joylashib olib, gurung qilishayotganining ham guvohi bo'lasiz. Nahotki, ularning mushugini pisht deydigan mard yo'q.
Biz esa loqaydmiz, loaqal maydon atrofini o'zboshimcha egallab olgan bozorchilarni, maydon ichida bemalol yurib payhon qilayotgan kimsalarni tartibga chaqirishga yaramayapmiz. Yana o'sha savol: kim qiladi-ya, shuginani-ya? Yuqorida keltirilgan salbiy holatlarga mas'ul bo'lgan tashkilot rahbarlaridan javob kutamiz.
G'ulom O'ROLOV.