O‘lkamizga to‘satdan kirib kelgan anomal sovuq kunlari tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlarining qo‘li-qo‘liga tegmadi. Tuman miqyosidagi 107488 bosh qoramol, 142704 bosh qo‘y-echkilar, 1310 bosh otlar, 714096 bosh parrandalar, 3170 bosh eshak hamda 16758 bosh itlar tuman veterinariya shifokorlari nazoratida bo‘ldi.
- Tumanimizdagi 55 ta mahallalar hududidagi 18 ta veterinariya uchaskalari veterinariya shifokorlari aholi o‘rtasida mollarni qahraton sovuqdan asrash, ularni talofatsiz, eson-omon qishdan chiqarish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishmoqda, - deydi tuman Vetinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Botir Namozov.
- Shuningdek, mavjud mollarni turli kasalliklardan asrash, ularni to‘g‘ri oziqlantirish maqsadida profilaktika ishlari ham olib borilmoqda. G‘o‘bdin, Ingichka, Xo‘jamazgil tog‘lari va qirlaridagi, aholi va fermer xo‘jaliklaridagi mollar qutirish, kuydirgi, oqsil, nodulyar dermatit, qorason, leptosperoz, bradzot, bruselyoz, chechak kabi kasalliklarning oldini olish maqsadida emlash ishlarini olib borishmoqda. Shu bilan birga aholi o‘rtasida sanitariya qoidalari asosida keng qamrovli tushuntirish ishlarini davom ettirishmoqda.
Veterinariya-sanitariya qoidalarini buzgan 80 nafar shaxslarga 3.970.000 (uch million to‘qqiz yuz yetmish ming) so‘m jarima solindi. Mavjud mollarni emlash, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish ishlarida tajribali veterinariya shifokorlaridan Mirtemir Boymurodov, Abdurasul Toshiev, Shuhrat Hamroev, Ermat Eliboev, Hasan Jonuzoqov, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Shohruh Ashurovlar o‘zlarining samarali mehnatlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lishmoqda.
Rabbim HOTAMOV.