Sil - nafas olish a’zolari, suyak, buyrak va boshka a’zolarning yallig‘lanishi natijasida uzoq davom etuvchi, to‘lqinsimon klinik ko‘rinishida kechuvchi kasallik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi kox bakteriyasi (tuberkulyoz tayoqchasi) hisoblanadi.
Bu kasallik asosan odamlarda, qora mollarda, qushlarda uchraydi. Odamlarda tuberkulyoz tayoqchasi orqali yuqadigan silning quyidagi turlari uchraydi:
1) - odam sili;
2) - yirik shoxli mollar sili;
3) - parranda va kushlar sili.
Ko‘pgina hollarda qoramol sili odamlarda ham uchraydi, parranda va qushlar sili esa odamlarda kamrok uchraydi.
Insonlar sog‘lig‘iga xavf soluvchi va ko‘p uchraydigan tipi - odam silidir. Sil tayoqchasi tashqi muhitda o‘ta chidamli. Bemorlardan chiqqan balg‘am 75 daraja issiqlikdaqaynatilganda sil tayoqchasi 30 daqiqada, 100 darajada qaynatilganda esa 5 daqiqada o‘ladi. Bemorlardan chiqqan balg‘am 100 daraja issiqlikdaquritilsa 45 minutdan keyin sil tayoqchasi o‘ladi. Balg‘am tushgan joyga hech qanday yorug‘lik tushmasa 4 oygacha bakteriya yashab qoladi. Quyosh nuri yoki yorug‘lik bu joyga tushib turgan bo‘lsa, unda bakteriya 15-20 kungacha yashaydi. Sutdagi bakteriyalar qaynatilganda 65 daraja issiqlikda 30 daqiqada o‘ladi. Bundan tashqari, bakteriyalar sutdan tayyorlangan mahsulotlarda uzoq vaqt - muzlatilgan sariyog‘da 10 oygacha, pishloq yoki sirda 260 kun yashaydi. Quruq chang bilan aralashgan balg‘amda bakteriya 72 kungacha, bemor foydalangan kitob varag‘ida esa 3 oygacha yashaydi. Bu mikrob nam havoni, nam va salqin joyni yaxshi ko‘radi, shu bilan birga bunday sharoitda yaxshi yashaydi va ko‘payadi.
Bemor odam, kasal hayvonlar va qushlar kasallik manbai hisoblanadi. Nafas olish yo‘li zararlangan bemor odam, kasallangan hayvonlar birmuncha xavfli xisoblanadi.
Ifloslangan chang va havodan nafas olganda, ifloslangan sut va oziq-ovqat mahsulotlaridan, kasallangan tovuq va qushlarning tuxumlaridan, go‘shtidan, balg‘am qoldiqlari bilan meva ushlab yeganda (bu holat bolalarda ko‘proq uchraydi), bemorlar bilan muloqotda bo‘lganda kasallik yuqish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi. Onadan bolaga homila orqali yuqishi kamdan kam hollarda uchraydi.
Kasalliklimfa tugunlari shishib ketishi, yo‘tal, o‘pkada bo‘g‘iq nafas eshitilishi, nafas yo‘llarida balg‘am paydo bo‘lishi, tanada haroratning ko‘tarilishi, bemorning ozib ketishi bilan kechadi.
Tug‘ruq uyida 2-5-kunlari bolaga BSJ vaksinasi qo‘yiladi. Bemor yotgan xonaninghavosini tez-tez almashtirib turish, xonani issiq saqlash, to‘yimli ovqat yeyishi lozim. Bemorning idish-tovoqlarini alohidalash, idishlar va tufdonlarini o‘z vaqtida zararsizlantirish maqsadga muvofiq. Bemor dorilarini o‘z vaqtida olishi muhim. Bemorga qarovchi kishi doim niqob taqib qarashi, muloqotdagilar mavsumga qarab kiyinishi zarur. Bolalarni aloxidalash, har bir odam doimo shaxsiy gigienaga rioya qilib yurishi talab etiladi. Vaqti-vaqti bilan flyurografiya va shifokor ko‘rigidan o‘tib turish lozim.
Ulug‘bek HASANOV,
SEO va JS xizmati tuman bo‘limi shifokori.