Islom dini musulmonlarga taraqqiyot yo‘lida yurishni farz qilgan, kishilarni ilmga undagan. Chunki, insonni ilmdan boshqa narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi va taraqqiyotga ham ergashtira olmaydi. Ilmga qiziqtirish borasida Alloh Qur’oni Karimda bunday degan: “Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Zumar surasi, 9-oyat).
Boshqa bir oyatda ilmli kishilar Allohning huzurida boshqalardan ko‘ra yuqori darajada turishlari ochiq-oydin aytilgan: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Hadisi shariflarda ham ilm o‘rganishga targ‘ib qilingan: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” (Imom Muslim rivoyati).
Ilmning fazilati borasida sahoba va tobeinlardan ham hikmatli so‘zlar rivoyat qilingan: Jumladan, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu Kumaylga: “Ey Kumayl, ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish molni kamaytirsa, ilm sarflangan sayin ziyoda bo‘ladi”, degan.
Ma’naviyatli ayol deganda men Mehriniso Ubaydullaevani ko‘z oldimga keltiraman. Ilmda, odobda, muomalada, farzand tarbiyasida, oiladagi totuvlikda undan o‘rnak olishga intilaman.
Mehriniso hoji ona Samarqand davlat universitetini tamomlab, o‘zi o‘qigan 22-o‘rta maktabda o‘quvchilarga fizika fanidan saboq berib kelgan. U o‘ttiz yillik boy tajribaga ega.
O‘qituvchilik mashaqqatli va sharafli kasb. Sevimli adibimiz O‘tkir Hoshimov “Nur borki, soya bor” kitobida o‘qituvchilarga bunday tavsif beradi:
“Men o‘qituvchilarni charxpalakka mengzayman. Charxpalak turgan joyida g‘ichirlab, sabr bilan hovuchlab dalalarga suv taratadi. Oqqan suvlar qancha yerlarni obod qilib, insonlarni manfaatdor etadi. Oqqan suvlar ortga qaytmaydi. Charxpalak esa hamon turgan joyida jim, ishini hech kimga minnat qilmaydi. O‘qituvchi ham turgan joyida sabr bilan har yili qancha-qancha bolalarga ilm berib, uchirma qiladi. Vatan xizmati, el manfaatiga yaraydigan solih farzandlar qilib tarbiyalaydi. Dehqon qilgan mehnatining hosilini bir yilda yig‘ib olsa, o‘qituvchi mehnatining hosilini yigirma yilda ko‘rar ekan”. Binobarin, hamma o‘qituvchilar shu tahsinga loyiqdir. Hoji onaning ta’lim bergan o‘quvchilari fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, qancha-qanchalari oliygohlarni tugatib, hozir el-yurt xizmatida.
Bulung'ur tumanida taniqli otinoyilardan. Qur’onni tajvid bilan o‘qib, hadislarni chiroyli talqin qilib, mahalla ayollariga Islom dini ta’limotini yetkazadi, yoshlarni yot g‘oyalardan saqlash borasida charchamay tushuntirish ishlarini olib boradi...
Ayol ilmli, ma’rifatli bo‘lsa, oilada ham, jamiyatda ham o‘z mustahkam o‘rniga ega bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli elning ertasi charog‘ondir.
Bulung'ur tumanida taniqli otinoyilardan. Qur’onni tajvid bilan o‘qib, hadislarni chiroyli talqin qilib, mahalla ayollariga Islom dini ta’limotini yetkazadi, yoshlarni yot g‘oyalardan saqlash borasida charchamay tushuntirish ishlarini olib boradi...
Ayol ilmli, ma’rifatli bo‘lsa, oilada ham, jamiyatda ham o‘z mustahkam o‘rniga ega bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli elning ertasi charog‘ondir.
Oysha BEKTEMIROVA,
Bulung‘ur tumani, Bulung‘ur mahallasi otinoyisi.
(“MO‘MINALAR” jurnalidan olindi.)
Bulung‘ur tumani, Bulung‘ur mahallasi otinoyisi.
(“MO‘MINALAR” jurnalidan olindi.)